Ugom-Chatqol milliy tabiat bog'i
Introducing
Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i Toshkent viloyatining Bo‘stonliq (455,8 ming ga), Parkent (42,1 ming ga) va Ohangaron (76,6 ming ga) tumanlarining tog‘li hududlarida joylashgan bo‘lib, umumiy yer maydoni 574,6 ming gektarni tashkil etadi.
Tabiiy sharoiti: G‘arbiy Tiyonshon Markaziy Osiyoning eng noyob, xushmanzara hududlaridan biri. U Talas Olatog‘i (g‘arbiy qismining yarmi) Qorjontog‘ tizmasi, Ugom, Pskom, Chotqol tizmalarini o‘z ichiga olgan. Ugom bilan Pskom tizmalari o‘rtasida shimoldan Maydontol tizmasi, Pskom bilan Chotqol tizmalari o‘rtasida Ko‘ksuv tizmasi joylashgan. G‘arbiy Tiyonshon hududi murakkab relyefga ega bo‘lib, unda chuqur tog‘ oralig‘idagi vodiylar joylashgan.
Florasi: Tabiat bog‘i hududida 1787 ta o‘simlik turlari mavjud bo‘lib, shundan 66 xili O‘zbekiston Respublikasi «Qizil kitobi»ga kiritilgan. Shu jumladan, 8 xil lola turlari, O‘rta Osiyo noki, Pskom piyozi, Abolin astragali, Eremuruslar, Boshqizilsoy gerani, Minkvis teziumi, yovvoyi sallagul va boshqa turlari o‘sadi. Bundan tashqari bir qancha noyob o‘simliklar ham mavjud.
Faunasi: Hayvonot dunyosi bo‘yicha 230 ga yaqin turlari yashaydi, shundan 46 turi O‘zbekiston va Xalqaro «Qizil kitob»lariga kiritilgan, shu jumladan: qor qoploni, Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i, Menzbira sug‘uri, Turkiston silovsini, kichik takaburun, lochinlar, qumoy, Chotqol shaytonbalig‘i, Turkiston laqqachasi, ko‘lja arvox kapalagi va boshqalar.
Ekoturizm maskanlari: Tabiat bog‘i hududida Oqtosh, Qoraqiya, Qizilsuv, Axsarsoy, Paltov sharsharalari, Obiraxmat g‘ori, Xo‘jakent petroglifi, Urungoch, Bodak va Ixnoch ko‘llari, Po‘latxon tekisligi, Amirsoy, Chinorkent, Oltin Olma kabi yirik dam olish maskanlari va diqqatga sazovor ekoturistik maskanlar mavjud.
Tabiat bog‘i hududida 25 ta bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari, 63 ta dam olish oromgohlari, 4 ta sanatoriya, 14 ta ziyoratgohlar, 8 ta yirik korxona va tashkilotlar joylashgan.
Qo‘riqxona atrofiga yaqin mehmonxona mavjud emas. Tabiat bog‘i hududida ko‘plab zamonaviy mehmon uylari mavjud.
Manzil: O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Iskandar qo‘rg‘oni 144 uy
